



2026-yil 29-iyun – 1-iyul kunlari Xorazm viloyatining Xiva shahrida mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari xodimlari uchun "Front Office" hamda "Housekeeping" yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirish o‘quv-treninglari tashkil etildi.
Mazkur o‘quv dasturi Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi tomonidan tashkil etilib, unda viloyatdagi mehmonxonalarda faoliyat yuritayotgan 107 nafar rahbar, administrator, Front Office va Housekeeping mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Xorazm viloyati O‘zbekistonning eng muhim turistik hududlaridan biri hisoblanadi. 2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, viloyatga 7 million 446 ming nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, shundan 1 million 552 ming nafari xorijiy, 5 million 894 ming nafari mahalliy sayyohlarni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga oshgan, turizm xizmatlari eksporti esa 776 million AQSh dollariga yetgan.
Shuningdek, joriy yilning dastlabki besh oyida viloyatda 28 ta yangi joylashtirish vositasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning umumiy soni 327 taga yetdi. Bugungi kunda hududda 4 251 ta mehmonxona xonasi, 9 357 ta o‘rin hamda 142 ta turistik tashkilot, jumladan 122 ta turoperator va 20 ta турагентлик faoliyat yuritmoqda.
Turizm infratuzilmasining kengayishi bilan bir qatorda xizmat ko‘rsatish sifatini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir. Shu maqsadda tashkil etilgan mazkur treninglarda ishtirokchilar mehmonlarni kutib olish va joylashtirish, bronlash tizimlari bilan ishlash, professional muloqot va xizmat ko‘rsatish etikasi, murojaat va shikoyatlarni samarali boshqarish, Housekeeping xizmatini xalqaro standartlar asosida tashkil etish hamda sanitariya-gigiyena talablari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘lmoqda.
Mashg‘ulotlar hospitality sohasida xalqaro tajribaga ega trenerlar tomonidan amaliy mashg‘ulotlar, real ish jarayonlari va zamonaviy servis yondashuvlari asosida olib borilmoqda. Dastur yakunida ishtirokchilar mehmonxonalarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, mehmonlar mamnunligini ta'minlash hamda xalqaro standartlarga mos faoliyat yuritish uchun zarur kasbiy ko‘nikmalarni egallaydilar.
Mazkur tashabbus nafaqat mehmonxona xodimlarining malakasini oshirishga, balki Xorazm viloyatida mehmondo‘stlik madaniyatini yanada rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqish va O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida davom ettirilmoqda hamda turizm sohasida malakali kadrlar tayyorlash va servis sifatini oshirishga qaratilgan tizimli islohotlarning muhim qismi hisoblanadi.