






2026-yil 2–4-iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari xodimlari uchun "Front Office" va "Housekeeping" yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirish treninglari tashkil etildi.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi turizmning istiqbolli hududlaridan biri bo‘lib, 123 ta turizm obyekti va 111 ta joylashtirish vositasi faoliyat yuritmoqda. 2026-yilning birinchi yarim yilligida hududga 265 mingdan ortiq xorijiy hamda 1,62 million nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Turistlar oqimining izchil o‘sishi xizmat ko‘rsatish sifati va malakali kadrlar tayyorlashga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshirmoqda.
Shu maqsadda Xalqaro turizm akademiyasi tomonidan tashkil etilgan treninglarda 65 nafar soha mutaxassisi xalqaro mehmondo‘stlik standartlari, mehmonlarni kutib olish va joylashtirish, bronlashtirish tizimlari, xizmat ko‘rsatish madaniyati hamda Housekeeping operatsiyalari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini oshirdi.
Mazkur tashabbus hududlarda xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirish, mehmonlar qoniqishini oshirish va O‘zbekiston turizm sohasining xalqaro raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.