Buxoro bugungi kunda O‘zbekistonning eng muhim turistik markazlaridan biri sifatida jadal rivojlanmoqda. 2026-yilning dastlabki besh oyida viloyatga 1,4 milliondan ortiq xorijiy va 2,6 milliondan ortiq mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Turizm xizmatlari eksporti 407,3 million AQSh dollariga yetdi, joylashtirish vositalari soni esa 725 taga yetdi. Ushbu ko‘rsatkichlar hududda turizm infratuzilmasi izchil rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Biroq xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, turizmning barqaror o‘sishi nafaqat yangi mehmonxonalar qurilishi yoki turistlar oqimining ortishi bilan belgilanadi. Sayyohning mamlakat haqidagi yakuniy taassuroti, avvalo, unga ko‘rsatilgan xizmat sifati, xodimlarning kasbiy tayyorgarligi va mehmondo‘stlik madaniyatiga bog‘liq. Aynan shu maqsadda Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi tomonidan Buxoro viloyatida mehmonxona va joylashtirish vositalari xodimlari uchun Front Office hamda Housekeeping yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy malaka oshirish treninglari tashkil etildi. Wyndham Bukhara Hotel bazasida o‘tkazilayotgan o‘quv dasturida 100 nafardan ortiq mehmonxona rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etmoqda. Dastur mehmonlarni kutib olish va joylashtirish, bronlash tizimlari, professional muloqot, murojaatlar bilan ishlash, Housekeeping jarayonlarini xalqaro standartlar asosida tashkil etish hamda zamonaviy mehmondo‘stlik amaliyotlarini qamrab oladi. Mashg‘ulotlar xalqaro tajribaga ega trenerlar tomonidan real ish jarayonlari asosida olib borilmoqda. Mazkur tashabbus nafaqat mehmonxona xodimlarining malakasini oshirishga, balki hududlarda xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha yagona professional yondashuvni shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa O‘zbekiston turizmining xalqaro raqobatbardoshligini oshirish va mamlakatning mehmondo‘stlik brendini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.