2026-yil 6–8-iyul kunlari Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi tomonidan Toshkent shahrida joylashtirish vositalari xodimlari uchun "Front Office" va "Housekeeping" yo‘nalishlarida amaliy malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

Mazkur o‘quvlar mehmonxona sanoatida xizmat ko‘rsatish sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, xodimlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda zamonaviy mehmondo‘stlik tamoyillarini amaliyotga joriy etishga qaratildi.

Uch kunlik trening davomida ishtirokchilar mehmonlarni kutib olish va joylashtirish jarayonlari, Front Office va Housekeeping xizmatlarining zamonaviy faoliyati, operatsion boshqaruv, xizmat sifati nazorati hamda mehmonlar bilan professional muloqot bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar.

Treningning amaliy qismi IHG Hotels & Resorts xalqaro mehmonxonalar tarmog‘iga kiruvchi Holiday Inn Tashkent City mehmonxonasida tashkil etildi. Ishtirokchilar xalqaro mehmonxona faoliyatining ichki tuzilmasi, operatsion boshqaruv tizimi, Front Office va Housekeeping xizmatlarining real ish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, xalqaro servis standartlarining amaliy qo‘llanilishini bevosita kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Bunday amaliy mashg‘ulotlar bugungi kunda ayniqsa dolzarbdir. Zero, 2026-yilning dastlabki besh oyida Toshkent shahriga 2,57 milliondan ortiq xorijiy hamda 3,36 milliondan ortiq mahalliy turist tashrif buyurdi. Turizm xizmatlari eksporti hajmi 1 milliard AQSh dollaridan oshdi, shuningdek, shaharda 131 ta yangi joylashtirish vositasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Turizm infratuzilmasining jadal rivojlanishi sohada xalqaro standartlar asosida ishlay oladigan malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshirmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Xalqaro turizm akademiyasi tomonidan hududlarda muntazam tashkil etilayotgan amaliy malaka oshirish kurslari mehmonxona xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish, xizmat ko‘rsatish madaniyatini takomillashtirish hamda O‘zbekiston turizm sanoatining xalqaro raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirgan ushbu o‘quvlar orqali Akademiya mehmondo‘stlik sanoati uchun zamonaviy bilim, amaliy tajriba va xalqaro standartlarga ega mutaxassislarni tayyorlashni izchil davom ettirmoqda.